Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlar yakunlari, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm ob’yektlarini barpo etish to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga o‘tkazish, turizm mahsulotlarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha yagona mexanizmni joriy etish, yirik tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Davlat va xususiy axborot tizimlarini integratsiya qilgan holda Milliy turizm platformasini ishga tushirish, turistlar va tadbirkorlar uchun proaktiv raqamli xizmatlarni joriy qilish, naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish, turistlar oqimini tahlil qilish vazifasi qo‘yildi. Raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va yillik turistik yig‘im tushumlarini oshirish rejalashtirilgan.

Mamlakatning turizm salohiyatini AQSH, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Hindiston, Xitoy va Skandinaviya kabi ustuvor bozorlarda ilgari surish bo‘yicha yangi marketing strategiyasini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Xalqaro turizm platformalarida O‘zbekistonning ishtirokini kengaytirish, raqamli kontentni rivojlantirish, yirik media platformalar va jamoatchilik fikri yetakchilarini jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Taqdimotda yirik madaniyat va san’at obyektlari loyihalari ko‘rib chiqildi.

Samarqandda “Samarqand merosi yo‘lagi” loyihasi boshlanmoqda. Uzunligi 6,6 kilometr bo‘lgan yagona sayyohlik yo‘nalishi Registon ansambli, Bibixonim, Shohi Zinda majmualari va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini bog‘laydi.

Samarqand shahrida umumiy maydoni 19,5 ming kvadrat metr bo‘lgan, inklyuziv muhit, ekspozitsiya zallari, saqlash fondlari va ta’lim maydonlariga ega uch qavatli zamonaviy bino qurishni nazarda tutuvchi yangi “Ipak yo‘li” muzeyi loyihasi taqdim etildi.

Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash rejalashtirilgan. Arxeologik obyektlarni yagona muzey muhitiga birlashtirgan holda yangi muzey korpusi, immersiv ekspozitsiya zallari, tashrif buyuruvchilar markazi va obodonlashtirilgan piyodalar yo‘laklari tashkil etiladi.

Shuningdek, qulay shahar muhitini shakllantirish, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona, fud-xoll, savdo va tijorat obyektlari, yuqori darajadagi mehmonxonaga ega ko‘p funksiyali majmua sifatida tarixiy-etnografik bog‘ni tashkil etishni nazarda tutuvchi Buxoro shahrining master-rejasi taqdim etildi.

Muhokama yakunida prezident madaniy loyihalarni turizmni rivojlantirish vazifalari bilan qat’iy bog‘lash, ularning iqtisodiy barqarorligi va sifatli boshqaruvini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.