
“Qurol ko‘tarib, urushishimiz kerakmi?” — Suv vaziri Afg‘oniston bilan munosabatlar va Qo‘shtepa kanali haqida
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayevga ko‘ra, afg‘onlarning ham Amudaryodan suv olishga haqi bor. “Qo‘shtepa kanali masalasida sizlarni xafa qilmaymiz, deyishdi”, — dedi u. Vazir kanal 2028-yilda bitishi mumkinligini aytdi.

Tolibon Amudaryodan suv olish uchun qurayotgan Qo‘shtepa kanali 2028-yilda bitishi kutilmoqda. Bu haqda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev 18-mart kuni vazirlik huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari va OAV vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Vazir jurnalistlarning Qo‘shtepa kanali O‘zbekistonga qachondan ta’sir ko‘rsata boshlashi haqidagi savoliga javob berarkan, afg‘onlarning ham Amudaryodan suv olishga haqi borligini ta’kidladi.
“Bunday qilib aytganda, afg‘onlar ham qarindoshlarimiz. Ularning ham Amudaryodan [suv] olishga haqi bor-da. [Tarmoqlarda] Qo‘shtepasini quryapti, u bo‘lyapti, bu bo‘lyapti, deb yozishyapti. Nima, qurol ko‘tarib, [ular bilan] urushishimiz kerakmi? Yo‘q, biz bordi-keldi qilyapmiz, qarindosh bo‘lyapmiz, yaxshiroq munosabat quryapmiz. Ularga ham asta-sekin tushuntiramiz, o‘zingizning haqingizni oling [deymiz]. Keyin hujjatlar bo‘ladi, boshqa bo‘ladi, bordi-keldi bo‘lsa, hammasini gaplashamiz”, — deydi Xamrayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shnichilik munosabatlari yaxshi bo‘lishi va bu borada turli gap-so‘zlarga ahamiyat qaratmaslik kerak.
“Qator yillar „Tojikiston bir narsa quryapti, Qirg‘iziston bir narsa quryapti“, deyildi va ikkita xalq dushmanga aylantirildi. Quruq gaplarga uchmaslik kerak. Misol uchun, qo‘shning qizlaringga yomon qarayapti yoki mashinada o‘tayotganda tosh otyapti, desa ko‘nglingiz xira bo‘ladi (kuladi). Shu sababli har xil gaplarga uchmasdan, kechqurun iftorlikka bir tovoq palovni ko‘tarib chiqing, keyin u qo‘shningiz qanday yaxshi odamligini ko‘rasiz. U ham bor tovog‘im, kel tovog‘im qilib, sizga yaxshi niyat qiladi. Hozir ba’zilar qo‘shnisini ham tanimaydi, kim u, deydi. Eski udumlarimiz qayerda qoldi? Shu sababli qo‘shnilar bilan yaqin bo‘lishimiz kerak, munosabat yaxshi bo‘lishi zarur. Shuning uchun hurmatli prezidentimizga ta’zim qilaman. Chunki qo‘shnilar bilan o‘rtamizdagi muzlar eridi, munosabatlar yaxshilandi”, — deydi hukumat vakili.
“Afg‘onistonga [shu yaqin davrda] to‘rt marta borib keldim. Bizni o‘z qarindoshini kutib olgandek, kutib olishdi. [Qo‘shtepa kanali masalasida] sizlarni hafa qilmaymiz, degan gaplarni aytishdi. Men yaxshi niyat qilaman. Afg‘onistonning tinchligi bizga ham kerak va albatta, [suv va boshqa] masalalar bosqichma-bosqich hal bo‘ladi. Agar Qo‘shtepa kanali qurilishi tez sur’atlarda jadallashsa, u 2028-yilga borib bitadi”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Xamrayev.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Xamrayev 2023-yilda O‘zbekiston Qo‘shtepa kanali masalasida “Tolibon”ga yordam ko‘rsatishi aytib, “Bu kanal ikki xalqni urishtiradigan emas, birlashtiradigan do‘stlik kanali bo‘ladi”, — degan edi.
Shuningdek, u Afg‘oniston Qo‘shtepa kanali orqali taxminan 300 ming gektar yerni sug‘ormoqchi ekanligi, bunga 4−5 mlrd kub metr suv yetishini, O‘zbekiston mana shu miqdor saqlanib qolishiga intilishini aytgandi.
Soʻnggi yangiliklar







