Qozogʻistondagi konda shaxta quladi, qurbonlar bor
Qosim-Joʻmart Toʻqayev halok boʻlganlarning oilasiga hamdardlik bildirdi.

Qozogʻistonning Ulitau viloyatida joylashgan “Jomart” konidagi shaxta oʻpirilishi yuz berdi, oqibatda 7 nafar shaxtyor halok boʻldi. Bu haqda Qozogʻiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, “Qozoqmis” korporatsiyasiga tegishli konda gaz portlashi sodir boʻlgan. Hozirda hodisaning tafsilotlari aniqlanmoqda, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “Togʻ-kon yoki qurilish ishlarini olib borishda xavfsizlik qoidalarini buzish” bilan ish qoʻzgʻatilgan.
Mamlakat bosh vaziri Oʻljas Bektenovning topshirigʻiga koʻra, shaxta oʻpirilishi sabablarini tekshirish va jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus komissiya tuzilgan. Bugun, 18-fevral kuni ertalab soat 4 ga yaqin 7 nafar konchi oʻlik holda topilgan. Jasadlar sud-tibbiy ekspertizasi oʻtkazish uchun politsiya xodimlariga topshirilgan.
Qidiruv ishlari davom ettirilmoqda, unga bosh vazir oʻrinbosari Qanat Bozumbayev rahbarlik qilmoqda.
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Ulitau viloyatida shaxtyorlar halok boʻlgani munosabati bilan qurbonlarning oilasiga hamdardlik bildirdi. Prezident hukumatga favqulodda hodisa sabablarini sinchkovlik bilan oʻrganish boʻyicha topshiriq berdi.
“Qozoqmis” halok boʻlgan konchilarning oilalariga moddiy yordam koʻrsatadi. Bunda xodimning oʻrtacha yillik ish haqining 10 baravari miqdorida kompensatsiya, shuningdek, dafn marosimini tashkil etish uchun 2 million tengedan ortiq mablagʻ ajratiladi.
Bundan tashqari, boquvchisini yoʻqotganlik uchun har oylik toʻlovlar, bolalarning oʻqishi uchun toʻlovlar, halok boʻlgan xodimlarning kreditlari va qarzlarini toʻlash hamda qarindoshlarining murojaatlari boʻyicha boshqa turdagi yordamlar koʻzda tutilgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Fargʻonada avtomobil yoʻlining bir qismi oʻpirilib tushdi Xalqaro qidiruvdagi qozog‘istonlik sobiq amaldor O‘zbekistonda ushlandi Qozog‘istonda yo‘lda qolib ketgan o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilindi Oʻzbekiston Qozogʻistonga suv joʻnatishni oshirmoqchi Xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Qozog‘istonda qo‘lga olindi
Soʻnggi yangiliklar







