Qozog‘iston chegarasida ushlab qolingan kartoshkalar yuzasidan rasmiy munosabat berildi
Oʻzbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qozog‘iston chegarasida ushlab turilgan kartoshkalar yuzasidan ma’lumot berdi.

Avvalroq Qozogʻiston bojxonasi yukni fitosanitar tekshiruvdan oʻtkazish uchun 10 kundan ortiq ushlab turgani, natijada kartoshkalar chirib ketgani toʻgʻrisida xabar berilgandi. Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligining maʻlum qilishicha, chegarada mazkur yuklarni ataylab yoki sunʻiy ravishda ushlab turish holati mavjud emas.
Qayd etilishicha, oʻzbekistonlik bir nechta tadbirkorlik subʻyektlariga tegishli kartoshka ortilgan vagonlar fitosanitar nazorat tartibiga muvofiq Qozogʻiston—Oʻzbekiston chegarasining Qozogʻiston hududida vaqtincha toʻxtatilgan. Ushbu tekshiruv jarayonida yuk hujjatlarida aniqlangan ayrim texnik kamchiliklar sababli mahsulotni chegarada qisqa muddat ushlab turish ehtiyoji vujudga kelgan. Mazkur texnik muammolar oʻrnatilgan tartibda toʻliq bartaraf etilgan.
“Qozogʻiston chegarasida mazkur yuklarni ataylab yoki sunʻiy ravishda ushlab turish holati mavjud emas. Ikki mamlakat qishloq xoʻjaligi vazirliklarining hamkorlikdagi saʻy-harakatlari natijasida mahsulot ayni kunda Toshkent shahridagi Chuqursoy saqlash punktiga yetkazildi.
Taʻkidlanishicha, hozirda tadbirkorlik subʻyektlariga tegishli barcha kartoshka mahsulotlari sotuv rastalariga yoʻnaltirilmoqda. “Bu esa kartoshka narxi bilan bogʻliq vaziyatni bartaraf etish va bozorlarda mazkur mahsulotga boʻlgan narxning barqarorlashuviga xizmat qiladi”, deya taʼkidlanadi xabarda.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan taʻminlash maqsadida chegaralardagi fitosanitar va logistika jarayonlarini doimiy nazoratda tutishini ham eslatib oʻtgan. Kelgusida bunday texnik kamchiliklarning takrorlanmasligini taʻminlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar koʻrilishi aytildi.
Мавзуга оид хабарлар:
Oʻzbekiston Qozogʻistonga suv joʻnatishni oshirmoqchi Qirg‘izistonda ham kartoshka narxi keskin oshib ketdi Xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Qozog‘istonda qo‘lga olindi O‘zbekistonga yuborilgan 43 vagon kartoshka chegarada chirib ketdi — OAV Qoraqalpog‘istondagi postdan Qozog‘istonga o‘tish va qaytish vaqtincha to‘xtatiladi
Soʻnggi yangiliklar







