O‘zbekiston

Qobul Dusov besh yilga qamaldi

Uning Facebook va Telegram ijtimoiy tarmoqlaridagi akkauntlari bloklanadi.

Qobul Dusov besh yilga qamaldi

Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudida Bo‘stonliq tumani kengashining sobiq deputati va bloger Qobul Dusovga nisbatan tuhmat, haqorat va yolg‘on xabar berganlikda ayblanib, uchta modda bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha so‘nggi sud majlisi yakunlandi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bloger Qobul Dusov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi bilan bog‘liq holda haqorat qilish), 237-moddasi 2-qismi “g” bandi (Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab yolg‘on xabar berish) bilan 5 nafar jabrlanuvchiga, jumladan, Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mansabdor va xizmatchilari hamda Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi probatsiya bo‘limi katta inspektoriga nisbatan aybdor deb topilgan.

Ochiq sud majlisida sobiq deputatga boshqa jinoyat ishi bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025 yil 24 fevraldagi hukmini inobatga olgan holda muddatlarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud qarori bilan uning Facebook va Telegram ijtimoiy tarmoqlaridagi akkauntlari faoliyati to‘xtatildi va bloklandi. Qayd etilishicha, manfaatdor shaxslar ushbu jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish uchun sudga murojaat qilishlari, shuningdek, hukm ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bo‘stonliq tumani kengashining sobiq deputati va bloger Qobul Dusov ozodlikni cheklash shartlarini buzgani uchun manzil-koloniyaga yuborilgandi. Bloger 4 yanvardan 11 yanvarga qadar o‘zining Telegramdagi “Qobul Dusov/RASMIY KANAL” kanalida turli mazmundagi materiallarni joylashtirgan. 11-yanvar kuni uni probatsiya bo‘limiga chaqirishgan va jazo chorasi kuchaytirilishi haqida ogohlantirishgan. Biroq Kobul Dusov ogohlantirishga qaramay, internetdan faol foydalanishda davom etgan.

Izohlar

Mavzuga oid