Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlariga hukm o‘qildi
Qo‘qon shahrida faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlaridan iborat jamoat fosh etildi.
Qo‘qonda “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlari bo‘lgan shaxslar 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Qo‘qon shahrida faoliyat olib borgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlaridan iborat jamoat fosh etilgan.
Jamoatning 11 nafar a’zosi Qo‘qon shahri hamda O‘zbekiston tumanida yashovchi, 1980-2000-yillar oralig‘ida tug‘ilgan fuqarolar bo‘lib, ular orasida farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatda menejer, gaz quyish shoxobchasida bosh mexanik bo‘lib ishlagan, shuningdek, xususiy tadbirkorlik, oshpazlik, ustachilik, kirakashlik bilan shug‘ullangan shaxslar bor.
2021-2023-yillar davomida noqonuniy guruh a’zolari Qo‘qon shahrida joylashgan choyxonalarda “shanbalik oshlar” niqobi ostida yig‘inlar tashkil etib, unda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Yahyo Turkistoniy va boshqalarning jihod hamda shahidlikka, islom davlati qurishga chorlovchi, diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarini eshitishlari natijasida dinga mutaassiblarcha berilib, ekstremistik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Shuningdek, mamlakatda amalda bo‘lgan davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va xalifalik davlati qurishga qaratilgan g‘oyalarni o‘zaro muhokama qilgan. Jamoat a’zolarining ayrimlari Suriyaga hijrat qilish masalasini ham muhokama qilgan.
Bundan tashqari, ulardan ikki nafari o‘zaro til biriktirib, hozirda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etib kelayotgan qo‘qonlik Jasur ismli shaxsga moddiy yordam berish maqsadida 2023-yilning iyul va avgust oylarida jami 3000 AQSH dollari miqdorida pul yuborgan.
Qayd etilishicha, jamoat a’zolari o‘z saflarini kengaytirish uchun yig‘inlarga boshqa fuqarolarni ham jalb qilib, ularning ongiga ekstremistik g‘oyalarni singdirgan. Telegram messenjerida tashkil etilgan guruhda o‘zaro ma’lumotlar almashinib, navbatdagi yig‘in vaqti va joyi e’lon qilib borilgan. Shuningdek, ular har 15 kun, 1 oy ichida nima ishlarni amalga oshirganliklari bo‘yicha guruh yetakchisiga hisobot bergan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining hukmiga ko‘ra, mazkur noqonuniy guruh a’zolari tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 155-3, 159, 244-1 va 244-2-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Мавзуга оид хабарлар:
Jizzaxda xalqaro terrorchilik tashkilotlarining materiallarini tarqatib kelgan shaxs qamaldi Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyini yoqib yuborgan ayol qamaldi O‘zbekistonda bir yilda 14 nafar shaxs ko‘pxotinlilikni targ‘ib qilishda ayblanib sudlandi Toshkentda katta miqdordagi giyohvandlik moddalari fosh qilindi Toshkentda 10 yoshli o‘g‘lini tilanchilikka chiqargan erkak qamaldi