Qiziriq tumaniga yangi hokim tayinlandi
Sherxon Allamurotov Qiziriq tumani hokimi etib tayinlandi.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 27-yanvar kuni Qiziriq tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilgan. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Qiziriq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtaldi.
Viloyat rahbari shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Anvar Oripov o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilganligi maʼlum qilindi.
Uning o‘rniga Sherxon Allamurotov tuman hokimi etib tayinlandi.
Sherxon Allamurotov 1986-yilda Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2011-yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. Maʼlumoti bo‘yicha mutaxassisligi – huquqshunos. Podpolkovnik harbiy unvoniga ega.
Faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli vazifalarda, xususan, viloyat Ichki ishlar boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i, Jarqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan. Tayinlovga qadar Sh.Allamurotov 2023-yildan buyon Qiziriq tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Мавзуга оид хабарлар:
Soʻnggi yangiliklar







