Qirg‘iziston Farg‘onaga yiliga 6 mln tonna ko‘mir yetkazib beradi
Xayrullo Bozorov loyiha bo‘yicha ko‘zda tutilgan quvvat respublikaning qolgan viloyatlari talabini ham qondirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Shanxi Coal Investment Group kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda Quvasoy shahrida Xitoy investitsiyasi hisobiga Qirg‘izistondan lentali konveyer tizimi orqali yillik 6 mln tonna sifatli va arzon qirg‘iz ko‘miri yetkazib berish loyihasi muhokama qilindi.
Dastlabki qiymati 60 mln dollardan ziyod bo‘lishi kutilayotgan ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida har ikki tomonda ikkitadan yirik ko‘mir saqlash ombori tashkil etish hamda ularni eni 1,4 metr, uzunligi 1,5 km bo‘lgan lentali konveyer tizimi bilan bog‘lash reja qilingan.
Ushbu usulda yillik 6 mln tonna sifatli va arzon qirg‘iz ko‘mirini viloyatga yetkazib berish imkoni yaratiladi. Shanxi Coal Investment Group kompaniyasi hamda “Kirgizkomur” davlat korxonasi o‘rtasida o‘tgan 2023-yilda Urumchida imzolangan ikki shartnomaga ko‘ra, ushbu kompaniya Qirg‘izistondagi Ak-Ulak va Besh-Burxan konlaridan ko‘mir qazib olish huquqini qo‘lga kiritgan.
2023-yilda Farg‘onaga jami 1,1 mln. tonna ko‘mir olib kelinganini maʼlum qilgan Xayrullo Bozorov loyiha bo‘yicha ko‘zda tutilgan quvvat respublikaning qolgan viloyatlari talabini ham qondirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha texnik talablarni ishlab chiqishda chegara xizmati, bojxona va ekologiya tizimlari mutasaddilari bilan hamkorlikda ish tashkil etishga kelishib olindi.
Мавзуга оид хабарлар:
Aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni sotgan ombor mudiri ushlandi Qirg‘izistonliklarning O‘zbekistonda qolish muddatini uzaytirilishi mumkin Qirg‘izistonda 2025-yil iyuldan elektron sigaretlar taqiqlanadi Qirg‘iziston ko‘mir eksportini yarim yilga chekladi Andijonda aholiga imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim boʻlgan koʻmir talon-toroj qilindi