20 Sentabr 2024, 14:03 Oʻzbekiston

Qashqadaryoda xotinini yoqib yuborgan erkak 10 yilga qamaldi

Yakkabog‘ tumanida rashk sabab xotinini yoqib yuborgan erkak 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qashqadaryoda xotinini yoqib yuborgan erkak 10 yilga qamaldi

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida xotinini farzandlari ko‘z o‘ngida yoqib yuborgan 59 yoshli erkak 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud hujjatiga ko‘ra, joriy yilning 22-aprel kuni kechki payt mast holatdagi erkak o‘z ayolining telefonda gaplashib, suhbatdoshiga erini nazarda tutgan holda “iflos uyda, ertaga ishga ketganidan keyin gaplashamiz” degan gaplarini eshitib qolgan.

So‘ng uni o‘ldirish maqsadida hovlidagi 1 litrli baklajkada turgan benzinni olib, turmush o‘rtog‘i o‘tirgan uyga kirgan va ikki kelini, voyaga yetmagan o‘g‘li hamda beshikda yotgan nevaralarining ko‘z o‘ngida ularning hayotini xavfga qo‘yib, turmush o‘rtog‘iga benzin sepgan va yoqib yuborgan.

Yonayotgan ayolni uning kelinlari suv sepib o‘chirgan va shifoxonaga olib borgan. Ayolning hayoti shifokorlar yordami bilan saqlab qolingan.

Erkakka oid sud ishi 11-sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sudda ayblanuvchi o‘z aybiga iqrorligini ma’lum qildi.

Erkakning guvohlik berishicha, u xotinini 2014-yilda qishloqdagi fuqaro bilan jinsiy aloqa qilgan vaqtida ushlab olgan va shundan so‘ng unda turmush o‘rtog‘iga nisbatan nafrat paydo bo‘lgan… So‘zi yakunida u qilgan ishi uchun jabrlanuvchidan kechirim so‘radi. Ayol eriga da’vosi yo‘qligini bildirdi.

59 yoshli erkak Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “d,j” bandlari, ya’ni javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda, ya’ni boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda, o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirishga suiqasd qilishda aybdor deb topildi.

Ayblanuvchiga shu kodeksning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) ham qo‘llanib, unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘taladi.

Mashhur yangiliklar