1 Fevral 2025, 11:59 Oʻzbekiston

Qashqadaryoda profilaktika inspektori pichoqlandi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Qamashi tumani prokuraturasiga yuborilgan.

Qashqadaryoda profilaktika inspektori pichoqlandi

Qashqadaryo viloyatida erkak oilaviy janjalni to‘xtatmoqchi bo‘lgan profilaktika inspektorini pichoqladi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda”, deb yozadi Shamsutdinov.

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti xabariga ko‘ra, hodisa er va xotin o‘rtasidagi janjaldan boshlangan. Ayol eri bilan yashamasligini bildirib, o‘z uyiga ketmoqchi bo‘lgan. Ammo er bunga qarshilik qilib, janjal chiqargan va farzandini qo‘liga olib, agar ayoli ketib qolsa, o‘zini va farzandini o‘ldirishini aytgan.

Ayol esa IIOga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘ragan. Voqea joyiga bir nechta profilaktika inspektorlari kelib, erkakning qo‘lidagi pichoqni olib qo‘yishga harakat qilayotganida erkak xodimlardan birining bel qismiga pichoq sanchib olgan. Xodim tan jarohati bilan shifoxonaga murojaat qilgan.

“Hozir sog‘ligim yaxshi, shifokorlar yordam ko‘rsatdi”, deydi jarohatlangan xodim.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Qamashi tumani prokuraturasiga yuborilgan.

Mashhur yangiliklar