Qashqadaryoda 400 kg isteʼmolga yaroqsiz goʻsht toʻxtatib qolindi
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanida isteʼmolga yaroqsiz goʻsht toʻxtatib qolindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Koʻkdala tumani boʻlimi tomonidan YHXB xodimlari bilan hamkorlikda “Umakay” YPX maskanida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbirda “Qarshi-Samarqand” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan Cobalt rusumli avtotransport vositasi toʻxtatib koʻzdan kechirilganda fuqaro J.Ch. xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qoramol goʻshtini oʻtkazish maqsadida olib ketayotgani aniqlanib, jami 400 kg goʻsht ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.