10 Sentabr 2024, 15:22 Oʻzbekiston

Qashqadaryo hamda Jizzaxda ekologiya va qurilish mutaxassislari pora bilan ushlandi

DXX tomonidan korrupsiya va firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi.

Qashqadaryo hamda Jizzaxda ekologiya va qurilish mutaxassislari pora bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Xavfsiz daryo boshqarmasi davlat muassasasining Qashqadaryo viloyati boʻlimi mansabdor xodimi ushlandi.

Qayd qilinishicha, u Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan maxsus texnikalar yordamida Qashqadaryo atrofidan noqonuniy ravishda qum qazib olinayotganini aniqlagan. Soʻngra, unga nisbatan chora koʻrmaslik va ushbu noqonuniy holat yuzasidan jarima maydonchasiga joylashtirilgan ekskavator-yuklagich texnikasini chiqarib berish, shuningdek, kelgusida qum qazib olishida rahnamolik qilish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan.

Holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.

Boshqa holatda, Surxondaryo viloyatidagi qurilish obektlarida nazorat oʻlchov faoliyatini amalga oshiruvchi korxonaning yetakchi mutaxassisi Jizzax viloyatida qurilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilot mansabdor shaxslariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida, qurilish ishlari boʻyicha qoʻshib yozish holatlarini tekshiruv xulosasida koʻrsatmaslik hamda tanishlari orqali tergov jarayonlarida yengillik yaratib berish evaziga 400 mln soʻm talab qilgan.

DXX Jizzax viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda mutaxassis 150 mln soʻm olgan vaqtida ushlangan.

Holat boʻyicha Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari hamda 28,211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.

 

Mashhur yangiliklar