12 Oktabr 2024, 16:28 Oʻzbekiston

Qarzdorligi uchun suv ta’minotidan uzilgan iste’molchilar soni ochiqlandi

O‘zbekistonda qarzdorligi uchun suv ta’minotidan uzilgan iste’molchilar soni ma’lum qilindi.

Qarzdorligi uchun suv ta’minotidan uzilgan iste’molchilar soni ochiqlandi

Respublika bo‘yicha 26,9 ming nafar jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan. Bu haqda 2024-yil 11-oktyabr kuni “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lum qildi.

Ushbu holatlarning 13,3 mingtasi, ya’ni eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda suv ta’minoti va oqova suv tizimlariga 8 500 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi. Bunda eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagicha:

  • Farg‘ona viloyatida – 1 500 ta;
  • Toshkent shahrida –1 400 ta;
  • Sirdaryo viloyatida –1 400 ta.

Mazkur qonunbuzarliklar tufayli jamiyat manfaatlariga jami 75,7 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha 139,3 ming nafar iste’molchidan jami 421 milliard so‘mlik mablag‘ni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.

Kiritilgan ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 68,5 mingta 224 milliard so‘mlik sud qarorlari qabul qilinib, bugungi kunda MIB bilan hamkorlikda ijro varaqalari ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

“O‘zsuvta’minot” ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 7 yilda aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga 20 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. Bu so‘nggi 25 yilga nisbatan 8 baravar ko‘pdir. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi bugunga kelib ushbu ko‘rsatkich 77 foizga yetkazildi.

Mashhur yangiliklar