O‘zbekiston

Qanday yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ogohlantirish olish mumkin?

Bunday chorani bir kishiga yiliga faqat bir marta qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Qanday yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ogohlantirish olish mumkin?

Deputatlar ayrim uncha xavfli bo‘lmagan qoidabuzarliklar uchun haydovchilarga ma’muriy ogohlantirish berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi marta yengil qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarga jarima emas, balki yangi ma’muriy jazo chorasi — o‘z harakatlarining oqibatlari to‘g‘risida yozma yoki elektron ogohlantirish beriladi. Bu chorani bir kishiga bir yilda faqat bir marta qo‘llash mumkin.

Ta’kidlanishicha, ogohlantirishni quyidagi holatlarda qo‘llash mumkin:

  • transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish;
  • haydovchining avtomobilni boshqarish vaqtida telefondan foydalanishi;
  • haydash vaqtida monitorda (displeyda) tele- yoki videodasturlarni ko‘rish;
  • transport vositalarini to‘xtatish yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish;
  • transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilganligi;
  • piyodalar va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi.

Deputatlarning rejalariga ko‘ra, qonun loyihasi fuqarolarda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish va qonunga hurmat madaniyatini shakllantirishga yordam beradi. Hujjat kuchga kirgunga qadar Qonunchilik palatasida yana ikkita o‘qishdan o‘tishi, Senat tomonidan ma’qullanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Avvalroq O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar oshirilgani haqida xabar berilgandi. O‘zgarishlar BHM miqdorining oshishi bilan bog‘liq.

Izohlar

Mavzuga oid