
Qamoqqa olinmagan gumonlanuvchilarning O‘zbekistondan chiqishi vaqtincha cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish tartibi belgilanmoqda. Deputatlar tegishli qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

O‘zbekistonda ayblanuvchi va gumon qilinuvchilarning chiqish huquqini surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud organlari cheklashi mumkin bo‘ladi. Bu norma belgilangan qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan hollarda, ushbu shaxslar O‘zbekiston davlat chegarasini tark etib surishtiruv, tergov yoxud suddan yashirinish holatlari kuzatilmoqda. Natijada jinoyatdan jabrlangan shaxslarning huquqlarini tiklash, ularga yetkazilgan zararlarni qoplash imkoniyati pasaymoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan, biroq O‘zbekiston davlat chegarasini tark etib surishtiruv, dastlabki tergov yoxud suddan uzrli sabablarsiz bo‘yin tovlashi mumkinligiga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan ularning O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish tartibi belgilanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi jabrlanuvchining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishga, uning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazilishining oldini olishga xizmat qiladi, deyiladi majlisda. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Soʻnggi yangiliklar







