Prezident Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev sport federatsiyalari faoliyatini samarali tashkil etish, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, sportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqqan. Loyihada sportni rivojlangan, istiqbolli va rivojlanayotgan turlarga tabaqalashtirilgan yondashuv asosida jadal rivojlantirish, natijador sport turlari geografiyasini kengaytirish, eng quyi pog‘onalardan iqtidorli yoshlarni shaffof saralab olish, xalqaro tajriba asosida milliy tayyorgarlik metodikasini yaratish, terma jamoalarning aniq maqsad va natijaga yo‘naltirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish kabi 10 ta ustuvor vazifa belgilangan.
Shuningdek, rasmiylar 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlash dasturi va maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqmoqda. Xususan, sohadagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasi tarkibida 14 ta hududiy bo‘linma tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari prezidentning Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili bo‘ladi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qo‘mitasidan mas’ullarni biriktirish rejalashtirilgan.
Asosiy maqsad faqat bitta Olimpiada emas, doimiy va mustahkam zamin yaratishdir. Iqtidorli sportchilarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasi yo‘lga qo‘yiladi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorlanadi.
Bundan tashqari, rasmiylar Respublika olimpiya va paralimpiya markazi faoliyatini milliy terma jamoalar zaxirasini shakllantirishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Shunday qilib, 2026-yildan boshlab uni moliyalashtirish respublika byudjetiga o‘tkaziladi. Markaz qabul kvotasi kengaytirilgan holda 8-11-sinf o‘quvchilari uchun maktab va 1-2-kurs talabalari uchun kollej sifatida faoliyat yuritadi. 1-2 kurs talabalari Sport vazirligining stipendiyasini olishlari mumkin bo‘ladi. Olimpiya shaharchasidagi sport inshootlari markazga mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun bepul foydalanishga beriladi.
Sportchilar zaxirasini kengaytirish maqsadida xususiy sport klublari ishini takomillashtirish, ularga rasmiy musobaqalarda qatnashish huquqini berish rejalashtirilgan. Yuqori natijalarga erishgan sportchilar milliy terma jamoalar tarkibiga kirishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, rasmiylar sportchilar va murabbiylarni rag‘batlantirishning turli shakllarini tasdiqlashni rejalashtirmoqda.
Xususan, nufuzli musobaqalar g‘olib va sovrindorlari oliy harbiy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilinadi, boshlang‘ich bosqichda muvaffaqiyatli sportchilarni tayyorlagan murabbiylarga qo‘shimcha haq to‘lanadi. Davlatimiz rahbari sport federatsiyalari faoliyatini samarali tashkil etish, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, sportchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq boks 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishi haqida xabar berilgandi. Olimpiya boksini World Boxing xalqaro boks federatsiyasi rivojlantiradi.
Izohlar