Prezident Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilib, ziyoratchilar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi
Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolari ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.

Shavkat Mirziyoyev 25-avgust kuni Samarqandga tashrif buyurgach, azaliy an’anaga ko‘ra, avvalo Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Buyuk muhaddis bobomizga butun islom olamida ehtirom baland, uning maqbarasini ko‘rish istagidagi insonlar ko‘p. Shu bois ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida bu yerda ulkan majmua barpo etilmoqda.
Ziyoratgohning umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi qurib bitkazilgan. Majmuaning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan. Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitilmoqda.
Prezidentimiz ushbu majmua nafaqat ziyoratgoh, balki ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskaniga aylanishi zarurligini ta’kidladi. Imom Buxoriyning buyuk asarlari, ilm-ma’rifati, insoniy fazilatlari barchaga, ayniqsa, yoshlarga yuksak ibrat namunasi ekani ta’kidlandi.
Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etilmoqda. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.
Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolari ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Prezident qurilishni sifatli bajarish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, majmua atrofida yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Izohlar