Prezident ikki qizni qutqarish uchun o‘zini kanalga tashlab halok bo‘lgan erkakni taqdirladi
Davlat rahbari marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev kanalga tushib ketgan qizlarni qutqarishga uringan erkakni “Jasorat” medali bilan taqdirladi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 2025-yil 5-may kuni Toshkentdagi Bo‘rijar kanalida sodir bo‘lgan. Yakkasaroy tumanida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida ikki qiz kanalga tushib ketgan. Buni ko‘rgan Abdumannop Samiqov bolalarni qutqarish uchun o‘zini suvga tashlagan. Erkak qizlarning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan, biroq o‘zi qahramonlarcha halok bo‘lgan. Qayd etilishicha, erkak boshqalarga yordam berishga doim tayyor bo‘lgan mehribon inson sifatida tanilgan.
Shu munosabat bilan davlat rahbari marhumning turmush o‘rtog‘i va farzandlariga samimiy hamdardlik bildirib, marhum Abdumannop Samiqovni “Jasorat” medali bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, qizlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan “Bo‘rijar” sport majmuasi xodimi Nurmuhammad Mamasaliyevni “Jasorat” medali bilan taqdirlashdi. Qayd etilishicha, ushbu voqea jamiyatda inson qadri ulug‘lanishining yorqin namunasi bo‘ldi.
Avvalroq Qashqadaryoda bog‘cha tarbiyalanuvchisi kattalar qarovisiz qolib, kanalga cho‘kib ketgani haqida xabar berilgandi. Bolalar bog‘chasi rahbariyati yopilmagan ariq bilan bog‘liq potensial xavf haqida ogohlantirilgan.
Izohlar