Prezident hokimlarni har bir bolaga o‘z farzandidek qarashga chaqirdi
Mamlakatda yoshlarga yordam berish uchun barcha ta’lim muassasalari va tadbirkorlarni birlashtiradigan tizim yaratish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda 100 ta imtiyozga ega bo‘lgan 15 mingga yaqin ta’lim va 7,5 mingta kasb-hunarga o‘qitish markazlari faoliyat yuritmoqda.
Davlat rahbari ularga murojaat qilib, mavjud ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy kasb-hunarlar va xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar safini kengaytirish va ko‘paytirishga chaqirdi. Prezident buning uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi viloyat va tuman hokimlariga murojaat qilib, har bir bolaga o‘z farzandidek munosabatda bo‘lishga, uning salomatligi, o‘qishi, xulq-atvori, qiziqishlari, orzu-intilishlari va muammolaridan doimo xabardor bo‘lib turishga chaqirdi. Mamlakatda yoshlar bilan doimiy muloqot maydoni yaratilib, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun maktablar, oliy o‘quv yurtlari, ta’lim va kasb-hunar markazlari, tadbirkorlarni birlashtirgan tizim yo‘lga qo‘yilsa, albatta, natija bo‘lishi ta’kidlandi.
“Bu ishlar “kampaniyabozlik” bo‘lmasligi, o‘zgarishlarni har bir mahalladagi har bir yosh har kuni chuqur his qilishi zarur. Ana shunda Yangi O‘zbekistonda ta’lim olmagan, ishsiz, kasb egallamagan, bir so‘z bilan aytganda, uyushmagan yoshlar degan tushunchalarning o‘zi qolmaydi!”, — dedi prezident.
O‘zbekiston Ayvi ligasiga shogirdlar tayyorlashi haqida avvalroq xabar berilgandi. Iqtidorli talabalar etakchilik va ijtimoiy faollik kurslarini o’rganishlari mumkin.
Izohlar