8 Avgust 2024, 17:56 Oʻzbekiston

Prezident “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Prezident “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, qonun elektr energetikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Elektr energetikasi sohasini davlat tomonidan tartibga solishni Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari amalga oshiradi.

Qonunga koʻra, Vazirlar Mahkamasi elektr energetikasi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi. Shuningdek, Energetika vazirligi elektr energetikasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.

Yangi belgilanayotgan meʼyorlarga koʻra, elektr energiyasi bozori operatori, ishlab chiqaruvchi, elektr energiyasini saqlash tizimi operatori, uzatish tizimi operatori, markaziy xarid qiluvchi, treyder, taqsimlash tizimi operatori, taʼminotchi va isteʼmolchi elektr energiyasi bozorining ishtirokchilari sifatida qayd etilmoqda.

Tariflar va toʻlovlarni belgilash uslubiyati hamda uning asosida tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlar Energetika bozori regulyatori tomonidan belgilanadi. Bundan tashqari, qabul qilingan tariflar va toʻlovlar kuchga kirishidan kamida 15 besh kun oldin eʼlon qilinishi zarur. Hech qanday tarif yoki toʻlov orqaga qaytish kuchiga ega emas.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Mashhur yangiliklar