Prezident Administratsiyasida qisqartirishlar boʻlishi haqidagi xabarlarga izoh berildi
Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan maʼlumotlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Administratsiyasida shtat birliklari kamida 50 foizga, boshqa davlat tashkilotlarida ham qisqartirish boʻlishi haqida rasman tasdiqlanmagan maʼlumotlar tarqatilmoqda. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mazkur xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Taʼkidlanishicha, barcha darajalardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, shu jumladan Prezident Administratsiyasidan tortib quyi tashkilotlargacha boʻlgan barcha idoralarda shtat birliklari maqbullashtirib boriladi va bu — doimiy jarayon hisoblanadi.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – bir-birini takrorlovchi funksiyalarni qisqartirish, davlat boshqaruvi tizimi va davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini oshirish, barcha idoralarda byudjet mablagʻlaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni taʼminlash hisoblanadi.
“Bu jarayonning hajmi va koʻlami qay darajada boʻlishi, mazkur yoʻnalishda tegishli oʻrganish va tahlillar oʻtkazilganidan keyingina maʼlum boʻladi. Shu sababli, ommaviy axborot vositalari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu mavzuga doir xabarlarni tarqatishda faqat rasmiy manbalarga tayanishni soʻraymiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Мавзуга оид хабарлар:
Komil Allamjonov lavozimidan ozod etildi
Soʻnggi yangiliklar







