Streetpark Systems (Poytaxt Parking brendi) kompaniyasi pullik yo‘l bo‘yi avtoturargoh xizmatlari sohasida ustun muzokara kuchiga ega deb topildi, deb xabar beradi Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ustun muzokara kuchi deb ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining bitim shartlarini, tovarlarni realizatsiya qilish hududi va narxini belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyati mavjudligi e’tirof etiladi.
Qonun raqobatning cheklanishiga va (yoki) iste’molchilarning, shuningdek boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni (bu raqobatga qarshi harakatlar sifatida baholanadi) taqiqlaydi. Bunday harakatlarga quyidagilar kirishi mumkin:
- monopol yuqori yoki monopol past narxlarni belgilash;
- boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishi uchun to‘siqlar yaratish;
- shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni majburan qabul qildirish va boshqalar.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda rezidentlar uchun pullik avtoturargohlar faoliyati tasdiqlangandi. Hokimiyat rezidentlik ruxsatnomalarining tartibi, shartlari va amal qilish muddatlarini belgiladi, shuningdek, ulardan foydalanishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasini tasdiqlagan.
























