Pasportlar, ismlar, chiptalar: Uzbekistan Airways ma’lumotlar bazasi sotilishi haqida e’lon paydo bo‘ldi
Aviakompaniya ma’lumotlar sizib chiqishini rad etdi, ammo himoya darajasini qo‘shimcha baholash uchun xizmat tekshiruvini boshladi.

21-avgust kuni Uzbekistan Airways matbuot xizmati mijozlar va aviakompaniya xodimlarining ma’lumotlari keng miqyosda sizib chiqqani haqidagi xabarlar fonida bayonot berdi.
Darknet kengliklarida 300 gigabaytlik ulkan ma’lumotlar bazasi sotilishi haqida e’lon. Sotuvchining ta’kidlashicha, u Postgres tizimiga buzib kirish orqali kirgan. Sotuvchining assortimentida 2025-yildan beri 400 mingga yaqin yo‘lovchining ma’lumotlari, moliyaviy tranzaksiyalar, chiptalarning to‘liq ma’lumotlari, nikoh guvohnomalari, doimiy mijozlar dasturlariga a’zolik, pasportlar, haydovchilik guvohnomalari, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar va boshqa hujjatlarning skanerlari mavjud.
Buzib kirishning isboti sifatida tahrirlangan noaniq ma’lumotlar bilan mijozlar pasportlarining bir nechta skrinshotlari keltirilgan.
“Hujjatlarning 95 foizi kamida 40 ta davlat (Rossiya, Markaziy va Sharqiy Osiyo, G‘arbiy Yevropa, Buyuk Britaniya va AQSH) pasportlaridir”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, fayllar orasida 400 nafar xodimning ma’lumotlari, aviakompaniya haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, “majburiy ochish” mumkin bo‘lgan shifrlangan ma’lumotlar mavjud. Bularning barchasi sotuvchining o‘zi tomonidan tasdiqlangan.
Uzbekistan Airways matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, kompaniya mutaxassislari axborot tizimlariga ruxsatsiz kirish yoki yo‘lovchilar va xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilishning tasdiqlangan holatlarini qayd etmagan.
“Barcha infratuzilma odatdagi tartibda ishlamoqda. Bir qator nashrlarda go‘yoki ma’lumotlar sizib chiqqanining isboti sifatida keltirilgan misollar ishonchsiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Materiallarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bizning axborot tizimlarimizga aloqador emas va dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisa mavjudligi haqida noto‘g‘ri taassurot qoldirish maqsadida sun’iy ravishda yaratilgan yoki tahrirlangan bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Shunga qaramay, aviakompaniya “obro‘sizlantirish alomatlari yo‘qligiga qaramay, joriy himoya darajasini qo‘shimcha baholash” maqsadida xizmat tekshiruvini boshladi. Chora kompaniyaning xavfsizlik protokollarida ko‘zda tutilgan.
Izohlar