“Otalar so‘zi” ko‘rsatuvi boshlovchisi Mirabbos Mirzaahmedov 84 yoshida vafot etdi
San’atkor 60 yildan ortiq vaqt davomida “Yoshlar” tahririyati va “O‘zbekiston” telekanalida faoliyat yuritgan.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, 19-noyabr kuni madaniyat va san’at sohasining atoqli namoyandasi, taniqli rejissyor va teleboshlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov 84 yoshida olamdan o‘tdi.
Mirzaahmedov 1941-yil 30-sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Maktabdan so‘ng Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutiga kino va teatr aktyori mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga kirdi. San’atkor 60 yildan ortiq “Yoshlar” tahririyatida rejissyor va bosh rejissyor, “O‘zbekiston” telekanalida oliy toifali rejissyor, «Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvi muallifi va boshlovchisi bo‘lib ishlagan.
Uning rahbarligida dolzarb mavzularda teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar, badiiy videofilmlar yaratildi. Ayniqsa, uning sahnalashtirgan “Bahor qaytmaydi”, “Izlayman”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahs”, “Uch ildiz”, “Dunyoning ishlari” kabi telefilmlari madaniyat tarixida yorqin iz qoldirib, o‘z davrining muhim asarlariga aylandi.
Mirzaahmedov o‘zining keksa avlodning dono vakili sifatidagi obrazi va ko‘p yillik professional tajribasi tufayli 40 yildan ortiq vaqt davomida markaziy telekanallarda efirga uzatilayotgan “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” ko‘rsatuviga yangicha ruh va mazmun bag‘ishladi.
Ko‘rsatuv orqali jamiyat e’tiborini muhim ijtimoiy-ma’naviy masalalarga qaratdi, oilaga, Vatanga muhabbat, hurmat, axloq, mehr-oqibat tuyg‘ularini, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga katta hissa qo‘shdi. Mamlakat madaniyati va san’atini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Mirzaahmedov yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan:
- “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan;
- “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlansin.
Avvalroq 1979-yilda “Paxtakor” fojiasidan qutulib qolgan futbolchi To‘lagan Isoqov vafot etgani haqida xabar berilgandi. Futbolchi o‘yin paytida olgan jarohati tufayli samolyotda uchmagan va bu uning hayotini saqlab qolgan.
Izohlar