Ombudsman vakili Azon New Media asoschisi, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunovning sog‘lig‘i va Navoiy viloyatidagi 5-son jazoni ijro etish koloniyasidagi sharoitlarini o‘rgandi, deb xabar bermoqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmati.
Monitoring davomida mahkumlar bilan suhbatlar o‘tkazildi, jumladan, mahkum Alisher Tursunov bilan yakka tartibda suhbatlashildi, shuningdek, uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.
Alisher Tursunov muassasada tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilmagan, u muntazam ravishda to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, faqat sog‘lig‘ida ilgari mavjud bo‘lgan kasalliklar bilan bog‘liq kichik o‘zgarishlar mavjud, shu bilan birga u tegishli tibbiy yordam oladi.
Shuningdek, u o‘z xohishiga ko‘ra oshxonada ishlashini, qonunchilikda belgilangan vaqtdan tashqari ishlarga jalb etilmasligini va mehnat sharoitlari mehnatni muhofaza qilish talablariga javob berishini ta’kidladi. Yashash sharoiti va oziq-ovqat ta’minotidan ham shikoyatlari yo‘q.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘ini inobatga olgan holda belgilangan me’yorlarga muvofiq oziq-ovqat bilan ta’minlanadi. Yakka tartibdagi suhbat davomida mahkum Alisher Tursunov hech qanday savol bilan murojaat qilmadi.
Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan mazkur muassasaga 2025 yilning noyabr va dekabr oylarida amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida mahkum Tursunovdan hech qanday murojaat kelib tushmagan.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Tursunov 2025 yil 8 oktyabrda bir qator moddalar bilan aybdor deb topilib, 2,5 yilga umumiy tartibli koloniyaga hukm qilingan edi.















