23 Dekabr 2024, 14:49 Oʻzbekiston

Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda

Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralarini kuchaytirish boʻyicha qonul senatorlar tomonidan maʻqullandi.

Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda

Senatning ikkinchi yalpi majlisida “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan Jinoyat kodeksining 135-moddasiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi.

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama himoya qilish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani taʻkidlandi.

Natijada odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ishlar tizimlashtirilib, ushbu jinoyatdan jabrlanganlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, xorijdagi Oʻzbekiston fuqarolarini huquqiy himoya qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Oʻgʻirlash, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qoʻllash orqali odam savdosi jinoyatini sodir etganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilayotganligi alohida taʻkidlandi.

Bundan tashqari, muhokama davomida qonun bilan odam savdosi jinoyatini homilador ayolga nisbatan sodir etgan shaxslarga ogʻirroq jazo choralarini belgilovchi oʻzgartirishlarni kiritish taklif etilayotganligi qayd etildi.

Senatorlar tomonidan mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olishga, ularga qarshi samarali kurashishga, bunday qilmishlar uchun mutanosib jazo choralari belgilanishiga, qolaversa, bolalar va xotin-qizlar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʻqullandi.

Mashhur yangiliklar