“Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd soʻmga sotildi
Xaridor O‘zbekistondagi eng yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ aksiyalarining bir qismi xususiylashtirilganini eʻlon qildi.
Qayd etilishicha, xususiylashtirish jarayonida konsultant sifatida tanlangan Alkes Researchʻga MDH, arab, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa davlatlaridagi 6 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olishga qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar kelib tushgan.
Konsultant tomonidan mazkur bosqichda avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlgan 5 nafar talabgor xususiylashtirish jarayonining keyingi – majburiyatga ega takliflarni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilingan.
Belgilangan muddatlarda uch nafar talabgor tomonidan majburiyatga ega takliflar taqdim qilingan. Natijada, korxonani sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “Cotton Logistics” MChJ 200 milliard soʻm miqdorida sotib olish toʻlovini toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topilgan.
Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʻqullangan.
Taʻkidlanishicha, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq “Xalqchil IPO” dasturi doirasida “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ 4 foiz aksiyalarining mahalliy fond bozorida ommaviy taklifi oʻtkaziladi.
Maʻlumot uchun, “Cotton Logistics” MChJ – Oʻzbekistonning eng yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri boʻlib, yuk aylanmasi 1 mln tonnani tashkil etadi. Kompaniya oʻzining 480 ta vagondan iborat shaxsiy harakat tarkibi parkiga ega. Shuningdek, kompaniya boshqaruvida 1000 dan ortiq harakat tarkibi mavjud.
Мавзуга оид хабарлар:
Oʻzbekistonda vazirlarga yangi oʻrinbosarlar tayinlanadi Toshkentda temiryo‘l xodimi poyezd bosib ketishi oqibatida halok bo‘ldi Namanganda temiryo‘l ishchilariga har oy 40 kg metallolom olib kelish majburiy ekani aytildi Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temiryoʻli loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim tasdiqlandi