4 Noyabr 2024, 16:29 Oʻzbekiston

“O‘zgidromet” shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi

O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 5-7-noyabr kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

“O‘zgidromet” shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi

5-8-noyabr kunlari O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan “O‘zgidromet” tezkor gidrometeorologik axborot e’lon qildi.

Havo harorati asta-sekin pasayadi va 7-8-noyabrda kechalari 0-5 daraja iliqni, ba’zi joylarda 3 darajagacha sovuqni, kunduz kunlari 5-10 daraja iliqni tashkil etadi.

Respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi 13-18 metr/sekundgacha, shimolda va cho‘l hududlarda 20-23 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.

5-6-noyabr kunlari respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda qorga aylanadi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 5-7-noyabr kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarni, dam oluvchilarni, hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz, deyiladi xabarda.

Mashhur yangiliklar