O‘zbekiston

“O‘zbektelekom” Humans kompaniyasining da’volariga javob qaytardi

Milliy operatorning ma’lum qilishicha, kompaniya konstruktiv muloqot uchun ochiq.

“O‘zbektelekom” Humans kompaniyasining da’volariga javob qaytardi

“O‘zbektelekom” milliy aloqa operatori Humans kompaniyasining bir qator davlat tuzilmalarining harakatlari natijasida yetkazilgan zararni qoplashni talab qilayotgan da’vosiga izoh berdi.

2025-yil may oyida Humans Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga davlat kompaniyasiga qarshi monopoliyaga qarshi ish qo‘zg‘atishni so‘rab murojaat qildi. Humans davlat operatori xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va qarzdorlik tufayli kompaniya uchun internet tezligini pasaytirib, kamsituvchi sharoitlar yaratgan deb hisoblaydi.

Shuningdek, kompaniya Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitraj muhokamasini boshladi.

“O‘zbektelekom”da aniqlik kiritilishicha, Humans virtual operatori boshqa operatorlardan farqli o‘laroq, o‘z tarmog‘ini yaratishga sarmoya kiritmagan. 2020 yildan buyon “O‘zbektelekom” mobil aloqa tarmog‘idan foydalangan holda shartnoma asosida uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Milliy aloqa operatori “O‘zbektelekom” go‘yoki Humans operatoriga bozordagi ustun (monopol) mavqeidan foydalanib bosim o‘tkazayotgani haqidagi ma’lumotni noxolis deb atadi.

“Aslida Humans o‘z infratuzilmasiga ega bo‘lgan “O‘zbektelekom” AKdan tashqari, Ucell, Beeline, Mobi.uz kabi boshqa operatorlar bilan ham shartnoma asosida o‘z xizmatlarini ko‘rsatishga haqli. Qonunchilik faqat “O‘zbektelekom” infratuzilmasidan foydalanishni talab qilmaydi”, — deyiladi xabarda.

Operatorning ta’kidlashicha, Humans kompaniyasi uzoq vaqt davomida shartnoma majburiyatlarini muntazam ravishda buzgan, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun katta miqdordagi qarzdorlikni to‘lamagan.

“O‘zbektelekom” iste’molchilarning huquqlari buzilmasligi uchun — ular Humans yoki boshqa operatorlarning mijozlari bo‘lishidan qat’i nazar — va ular to‘langan summaga muvofiq xizmatlarni olishlari uchun xizmat ko‘rsatishni davom ettirdi”, — dedi aloqa operatori.

“O‘zbektelekom”ning ta’kidlashicha, shu sababli operator qarzdorlikni undirish va kelgusidagi zararlarni minimallashtirish maqsadida sudga da’vo arizasi berishga majbur bo‘lgan. 2025-yil 8-may kuni Toshkent iqtisodiy sudi “O‘zbektelekom”ning Humans kompaniyasiga nisbatan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’vosi bo‘yicha qaror chiqardi.

“Jamoatchilik, tartibga soluvchi organlar va biznes-hamkorlarni chalg‘itadigan noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilishi davom etgan taqdirda, “O‘zbektelekom” kompaniyasi o‘z ishchanlik obro‘sini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi. “O‘zbektelekom” kompaniyasi shaffoflik, halol raqobat va amaldagi qonunchilikka rioya qilish tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. Kompaniya bozorning har qanday ishtirokchisi, shu jumladan Humans kompaniyasi bilan, agar ular o‘z majburiyatlarini vijdonan bajarsalar, konstruktiv muloqot uchun ochiq”, — deya ta’kidladi “O‘zbektelekom”.

Izohlar

Mavzuga oid