26 Noyabr 2024, 11:32 Jahon, Oʻzbekiston, Sport

O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili tayinlandi

O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili tashkilot bosh kotibiga ishonch yorliqlarini topshirdi.

O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili tayinlandi

Elchi Nodirjon Turg‘unov Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Tohaga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

IHT bosh kotibi doimiy vakilning ishonch yorliqlarini qabul qilib, uni ushbu lavozimga kirishishi bilan tabrikladi va mas’uliyatli missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va IHT o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, ta’lim, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsiyalar kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirishda o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

Nashrga ko‘ra, Bosh kotib O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi, ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasini ta’kidlab, mamlakatimiz tarixan islom olamining ilmiy kashfiyotlar, falsafiy tafakkur va ma’naviy meros markazi bo‘lganini alohida ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Nodirjon Turg‘unov 2024-yil mart oyida O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi sifatida Ar-Riyoz shahriga tashrif buyurgandi.

Diplomat 2016 yildan beri TIV tizimida. O‘tgan yillar davomida Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentida turli lavozimlarda faoliyat olib bordi. Xususan, 2019-2021 yillarda O‘zbekistonning Oqtov shahrida (Qozog‘iston), 2021-2024 yillarda esa Jidda shahrida (Saudiya Arabistoni) bosh konsul bo‘lib ishlagan.

Nodirjon Turg‘unov 2018-2024 yillarda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi va bosh qarorgohi Jidda shahrida joylashgan Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili lavozimlarida ishlagan Ulug‘bek Maqsudov o‘rniga tayinlangan.

Mashhur yangiliklar