O‘zbekistonning har bir hududida bittadan yangi bog‘ paydo bo‘ladi
Tashabbus prezident tomonidan bildirildi.

O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakati tashkil etilganining 120 yilligi munosabati bilan har bir hududda “Kasaba uyushmalari bog‘lari” tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kasaba uyushmalari harakati mamlakatda 1905-yilda boshlangan. Davlat rahbari mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan har bir tashkilot va muassasa tarixini o‘rganish, u yerda ishlagan insonlarni, ularning qilgan ishlarini eslab, kelgusi avlodlarga yetkazish muhimligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi harakatning 10 yilligi munosabati bilan mehnatkashlarga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari bog‘lari”ni tashkil etishni taklif qildi. Prezident viloyat hokimlariga ushbu bog‘lar uchun joy ajratish, hududlarni kasaba uyushmalari bilan kelishish bo‘yicha topshiriq berdi.
Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini tashkil qilsa, o‘ylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha bo‘ladi, — dedi prezident.
Shuningdek, muhokama chog‘ida bundan to‘rt yil muqaddam Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarixi muzeyi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Muzey sohaga oid ma’lumotlar va eksponatlarni xalqimizga yetkazishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Avvalroq O‘zbekistonda minglab amaldorlar qisqartirilishi xabar qilingandi. Bandlik vazirligi va kasaba uyushmalari ishdan bo‘shatilgan xodimlarga boshqa ish topib beradi.
Izohlar