O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov vafot etdi
General-polkovnik mamlakat qurolli kuchlarida 40 yildan ortiq ishlagan.

O‘zbekistonning birinchi Mudofaa vaziri, general-polkovnik Rustam Ahmedov 82 yoshida vafot etgani haqida Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ahmedov mamlakat qurolli kuchlarida 40 yildan ortiq ishlagan. Shuningdek, u O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida milliy armiyani shakllantirish, mamlakat xavfsizligini ta’minlash va xalqimizning tinch hayotini himoya qilishga ulkan hissa qo‘shgan insonlardan biri edi.
General-polkovnik Rustam Ahmedov 1965-yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini tank qo‘shinlarining taktik qo‘mondonligi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1985-yilda Bronetank qo‘shinlari Harbiy akademiyasini qo‘mondonlik-shtab operativ-taktik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1991-1992-yillarda bir vaqtning o‘zida mudofaa ishlari vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni lavozimlarida ishlagan. 1992-1997-yillarda Mudofaa vazirligi rahbari bo‘lgan. 1997-yil sentyabrdan 1998-yil sentyabrgacha Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari lavozimida ham ishlagan. 1998-yilda nafaqaga chiqdi.
2018-2020 yillarda mudofaa vaziri maslahatchisi bo‘lib ishlagan, mudofaa tizimining muhim yo‘nalishlarini isloh qilishda faol ishtirok etgan. O‘zbekistonning qator orden va medallari bilan taqdirlangan. 1995-yilda II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan. Milliy armiyamiz rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun 2018-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
General-polkovnik Ahmedov boshchiligida mustaqillikning dastlabki yillarida armiya, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani asrab-avaylash, harbiy infratuzilmani rivojlantirish, harbiy xizmat nufuzini oshirish borasida muhim qadamlar qo‘yildi. Mudofaa vazirligi rahbariyati Rustam O‘rmonovichning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda harbiy shartnoma xizmati o‘zgardi. Mudofaa vazirligiga kimlar armiya safiga qo‘shilishi mumkinligi haqida ma’lumot berildi.
Izohlar