19-23 yanvar kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.

19-yanvarda faqat Navoiy viloyatida va ertalab Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida biroz qor yog‘adi. 20-yanvar kuni kechki soatlarda faqat respublikaning janubi-g‘arbiy hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin. 21-23 yanvarda O‘zbekiston hududining katta qismida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.

Haftaning birinchi yarmida havo harorati kechalari 3 daraja sovuq-2 daraja iliq, kunduz kunlari 3-8 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Ikkinchi yarmida harorat asta-sekin pasayishi kutilmoqda, kechasi 2-7 daraja sovuq, kunduzi 2 daraja sovuq-3 daraja iliq bo‘ladi. Qoraqalpog‘istonda ushbu haftada harorat asosan kechalari 8-13 daraja sovuq, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuq, 23 yanvarga kelib 3 daraja iliqqacha bo‘ladi.

Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. 21-22 yanvarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayadi.

Toshkent shahrida 19-21 yanvar kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi 2 daraja sovuq, 1 daraja iliq, kunduzi 3-6 daraja iliq, chorshanba kuni 7-9 daraja iliq bo‘ladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Sharqdan 3-8 m/s tezlikda shamol esadi. 22-23-yanvarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Harorat 22 yanvarda kechasi va kunduzi 0-2° iliq, 23 yanvarda kechasi 3-6° sovuq, kunduzi 0° ga yaqin bo‘ladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Sharqdan 3-8 m/s tezlikda shamol esadi.