O‘zbekiston

O‘zbekistonliklarni sovuq va yomg‘irli hafta kutmoqda

Tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi bor.

O‘zbekistonda 9-12-dekabr kunlari sovuq va yomg‘irli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.

10-dekabrda respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. 11-dekabrda respublikaning shimolida va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

12-dekabrda Buxoro, Navoiy viloyatlarida va kechga tomon Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, Qoraqalpog‘istonning shimolida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, shimolda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda 20-22 m/s gacha kuchli shamol bo‘lishi mumkin. 9-10 dekabrda kunduzi havo harorati 2-7° issiq bo‘ladi, 11-12 dekabrda esa harorat asta-sekin ko‘tarilib, 13-15° issiqqa, ba’zi joylarda 16-19° issiqqa yetadi.

Kechasi 0-5 daraja sovuq, shimolda 5-10 daraja sovuq, 12-dekabrda 2-7 daraja iliq bo‘ladi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), 9-10-dekabrda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. 9-dekabrda qor ko‘chishi xavfi bor.

Toshkentda: 9-dekabrda kechasi va ertalab, 10-dekabrda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Kechasi 0-2 daraja sovuq, kunduzi 4-7 daraja iliq bo‘ladi. 11-dekabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 12-dekabr kuni kechga tomon yomg‘ir yog‘adi. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushadi. Harorat kechasi 0-2° sovuq, kunduzi 8-10° iliq, 12 dekabrda kechasi 4-6° iliq, kunduzi 12-14° iliq bo‘ladi. Sharqdan 3-8 m/s tezlikda shamol esadi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная