16-18-yanvar kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, asta-sekin qorga aylanadi) bo‘ladi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir kechga yaqin boshlanadi. Ertaga kunduz kuni respublika bo‘yicha beqaror ob-havo saqlanib turadi, ba’zi joylarda asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, lekin jadalligi sezilarli darajada pasayadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida asosan yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Yakshanba kuni respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Faqat Navoiy, Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi. Havo harorati 16 yanvarda kunduzi 5-8 daraja iliq, shanba va yakshanba kunlari 0-5 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Harorat kechasi 3° sovuq-2° iliqgacha pasayadi. Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, 16-yanvar kuni ayrim hududlarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi, 16 yanvar kuni ba’zi joylarda kuchli qor kutilmoqda. Qor ko‘chishi xavfi bor.
Toshkent shahrida 16-yanvar kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, kechga tomon qorga aylanishi mumkin. Harorat 6-8° iliq bo‘ladi. Shanba kuni kechasi va ertalab yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tuman tushishi mumkin. Kunduzi vaqti-vaqti bilan biroz qor yog‘ishi mumkin. Harorat kechasi va kunduzi 1-3° iliq bo‘ladi. Yakshanba kuni kechasi va ertalab biroz qor yog‘adi, tuman tushishi mumkin. Kunduzi yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Harorat kechasi 1° sovuq-1° iliq, kunduzi 3-5° iliq bo‘ladi.





















