15-yanvar kuni prezidentning “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatning asosiy maqsadi 2026-2030 yillarda aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatining o‘rtacha yillik darajasini (har bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘qilgan kitoblar soni) 10 ta kitobga yetkazishdan iborat bo‘ldi. Qarorga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi (yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan) tashkil etiladi va uning Vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlanadi.
Belgilanishicha, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi:
- grantlar ajratish va tanlov orqali yosh yozuvchilarning asarlarini chop etish, shuningdek, bolalar adabiyoti sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
- tanlov orqali iqtidorli mualliflarni aniqlash va ularning ijodi uchun har oyda BHMning 50 baravari miqdorida bir yilgacha bo‘lgan muddatga haq to‘lash orqali shart-sharoitlar yaratish;
- xorijiy adabiyotning eng yaxshi asarlarini o‘zbek tiliga va milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilishda ularni tayyorlash va nashr etish xarajatlarining 50 foizini, shuningdek, mualliflik huquqi xarajatlarining 80 foizini qoplash;
- vasiylik kengashi a’zolariga har chorakda BHMning 50 baravarigacha miqdorda mukofot to‘lash.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan boshlab:
- aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida “Kitob — ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi;
- davlat organlarining kitoblar va kitobxonlik madaniyati to‘g‘risidagi reklamasi ijtimoiy axborot (reklama) sifatida e’tirof etiladi;
- transport infratuzilmasi obyektlari va transport vositalarida (avtobus, metropoliten, samolyot, poyezd) Mutolaa platformasidan simsiz yoki mobil internet tarmog‘i orqali foydalanish imkoniyati yaratiladi, qulaylik uchun QR-kodlar o‘rnatiladi.
Umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi:
- klublar a’zolari o‘rtasida kitoblar mazmunini tahlil qilishga bag‘ishlangan munozaralar o‘tkaziladi;
- maktablarda klub a’zolari tomonidan yiliga kamida 20 ta kitob o‘qilishi tashkil etiladi;
- har chorakda tumanlar (shaharlar) kesimida kitobxonlik klublarining eng faol a’zolari MMTV mablag‘lari hisobidan rag‘batlantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, BMT bosh qarorgohida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tgandi. Tadbirda asosiy e’tibor mamlakat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari va bosqichlariga qaratildi.























