Uzbekistan Airways Gruziyaga sayohat qilishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga mamlakatda bo‘lishning butun davri uchun amaldagi tibbiy sug‘urtani rasmiylashtirish zarurligini eslatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi talablar mamlakatda 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirgan. Polis bo‘lmaganligi uchun jarima 300 lari (taxminan 1,3 mln so‘m) ni tashkil etadi. Bunda polis ingliz yoki gruzin tilida rasmiylashtirilishi va uning qamrovi mamlakatda bo‘lishning butun davriga tatbiq etilishi kerak.

Qayd etilishicha, polisning minimal qoplamasi shoshilinch ambulatoriya xizmatlari uchun kamida 5 ming dollar, statsionar davolanish uchun kamida 30 ming dollarni (shu jumladan, baxtsiz hodisalar, jarohatlar, kasalliklar, evakuatsiya va repatriatsiya) o‘z ichiga olishi kerak. Bundan tashqari, mamlakatning tog‘li hududlariga sayohat qilish uchun alohida talablar bo‘lishi mumkin.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari mamlakatga kirishda ham, mamlakat ichida ham polis so‘rashlari mumkin, shuning uchun hujjatni elektron yoki qog‘oz shaklida olib yurish shart. Boshqarma yo‘lovchilardan chegaradan to‘siqsiz o‘tish uchun barcha zarur hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yishni so‘radi.

Avvalroq O‘zbekiston va Gruziya turizm infratuzilmasini rivojlantirishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etadi.