O‘zbekistonliklar “Yashil makon”da daraxt ekilishini kuzatib borishi mumkin bo‘ladi
Hukumat ko‘kalamzorlashtirishni oshirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni belgiladi.

O‘zbekistonda “Yashil makon”ni amalga oshirishni yanada shaffof qilishga qaror qilindi, deyiladi prezident farmonida.
2026-yil boshidan daraxt va buta ko‘chatlarining ildiz olishi, tutib ketishi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar maqsadli ko‘rsatkichlar etib belgilanadi:
- urug‘chilik laboratoriyalarida hududlarning iqlim sharoitlariga mos o‘simlik turlaridan onalik plantatsiyalarini tashkil etish;
- davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan yetkazib beriladigan ko‘chatlar hajmini ikki baravar ko‘paytirish.
1-oktyabrdan boshlab “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini oshirish, “Yashil makon” elektron platformasida ochiqlikni ta’minlash va raqamlashtirishga qaratilgan mexanizmlarni joriy etish rejalashtirilgan. Xususan, quyidagilar nazarda tutiladi:
- aholi tashabbusi bilan daraxtlar ekish mumkin bo‘lgan aniq hudud, suv ta’minoti, keyinchalik parvarish qilish imkoniyatlari va daraxt turlarini ko‘rsatish;
- davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini noqonuniy kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslar tomonidan kompensatsiya tarzida ekilgan daraxtlar va butalarni hisobga olish tizimini joriy etish.
1-noyabrdan o‘rmon fondi yer uchastkalari alohida muhofaza qilinadi, ularning toifasini o‘zgartirish prezident qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Avvalroq O‘zbekistonda daraxtlar kesilishi ochiqlanishi haqida xabar berilgandi. Murojaatchilar va kesilishi rejalashtirilgan daraxtlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus portalda e’lon qilinadi.
Izohlar