O‘zbekistonliklar magnit bo‘roni tufayli kuchli zilziladan xavotirlandi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlarga oydinlik kiritib, quyosh zarbalarining kuchi seysmik faollik bilan bog‘liq emasligini ma’lum qildi.

1-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sharqiy yarimsharning seysmik jihatdan xavfli hududlaridan birida magnit bo‘roni tufayli kuchli zilzila sodir bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotni rad etdi.
Qayd etilishicha, seysmik faollik magnit bo‘roni bilan bog‘liq hodisa emas. Zilzilaning aniq vaqti va joyini ham oldindan aytib bo‘lmaydi. Fuqarolardan asossiz ma’lumotlarga ishonmaslik va vahimaga berilmaslik so‘ralgan.
Shuningdek, FVV Seysmoprognostik monitoring markazi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida kuchli zilzilalardan dalolat beruvchi anomal o‘zgarishlar aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonni “qizil” darajadagi eng kuchli va uzoq davom etgan magnit bo‘roni qamrab olgan. Fuqarolarga jismoniy zo‘riqishdan qochish va ko‘proq suv ichish tavsiya etiladi.
Izohlar