O‘zbekistonliklar issiqning kuchayishiga qanday dosh beradi?
FVV maslahatlar bilan bo‘lishdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi harorat ko‘tarilishi arafasida o‘zbekistonliklarga jaziramada nima qilish kerakligi haqida bir nechta maslahatlar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, haroratning keskin ko‘tarilishi, ayniqsa, bolalar, qariyalar va bemorlar uchun zararli. Quyosh urishi ochiq havoda quyosh nurlari ostida sodir bo‘ladi, ammo issiqlik ta’siridan 6-8 soat o‘tgach ham boshlanishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, quyosh urishidan himoyalanish uchun soat 10:00 dan 17:00 gacha iloji boricha to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan saqlanish, shuningdek, och yoki ovqatdan keyin darhol quyoshda qolmaslik, ko‘chadan qaytgandan so‘ng dush qabul qilish yoki tanani sovutish uchun nam sochiq bilan artinish kerak.
Ko‘chada bo‘lganingizda quyoshdan himoyalovchi kremdan foydalanish, tabiiy matolardan tikilgan kiyimlarga e’tibor berish, shuningdek, ko‘zni himoya qilish uchun quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish kerak. Shuningdek, mutaxassislar suv ichish rejimiga rioya qilishni maslahat berishdi, chunki muntazam ravishda ko‘p suv ichmaslik nafaqat chanqoqni yaxshi qondirmaydi, balki yurakni ham zo‘riqtiradi. Qayd etilishicha, choy, kvas, turli sharbatlar, ma’danli suv ichgan ma’qul, ularni uydan chiqayotganda o‘zingiz bilan olib yurishingiz kerak.
Mutaxassislar quyosh yoki issiq urishi belgilari orasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatdilar:
- holsizlik, toliqish, bosh og‘rig‘i va chanqash;
- bosh aylanishi, quloq shang‘illashi, butun tanada og‘riq, puls va nafas olishning tezlashishi. Vaqti-vaqti bilan ko‘ngil aynishi va qusish mumkin. Terlash kuchayadi, burundan qon ketishi mumkin.
- yurak-qon tomir faoliyati va nafas olish keskin buziladi, hushdan ketish mumkin.
- ba’zan tutqanoq, alahsirash, gallyutsinatsiyalar paydo bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, quyosh urishining og‘ir holatlarida odamda terlash to‘xtab qolishi, bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, nafas olishning to‘xtashi va yurak yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, to‘g‘ri ko‘rsatilgan birinchi yordam inson hayotini saqlab qolishi mumkin, biroq hammasini to‘g‘ri va tez bajarish, jabrlanuvchining hushidan ketib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Xususan, jabrlanuvchini salqin joyga o‘tkazib, chalqancha yotqizib, boshini biroz ko‘tarib, kiyimlarini yechib, butunlay tinch sharoit yaratib, toza havo kirishini ta’minlash kerak. Keyin, agar jabrlanuvchi hushida bo‘lsa, unga choy yoki sovuq suv ichirish kerak, yaxshisi ozgina tuz qo‘shish kerak.
Jabrlanuvchining boshi sovuq suv bilan namlanadi yoki boshiga ho‘l sochiq qo‘yiladi. Og‘ir holatlarda odamni yupqa choyshabga o‘rash yoki ustidan sovuq suv quyish mumkin, bunda tana harorati 30 darajadan pastga tushmasligiga e’tibor berish kerak. Iloji boricha qon tomirlari ko‘p bo‘lgan qo‘ltiq va tizza ostiga muz yoki sovuq suv solingan xaltacha qo‘yiladi. Quyosh yoki issiq urgan bemorlarni iloji boricha tezroq yaqin atrofdagi tibbiyot muassasasiga olib borish kerak. Og‘ir holatlarda darhol tez yordam chaqirish kerak.
Avvalroq o‘zbekistonliklarni dim tunlar va jazirama kuchayishi kutayotgani xabar qilingandi. Havo harorati ba’zi joylarda deyarli 45 darajagacha ko‘tariladi.
Izohlar