O‘zbekistonliklar Isroil yoki Eron nomidan chiqish qilmaslikka chaqirildi
Fuqarolardan provokatsiyalarga berilmaslik va mojaroga vazmin munosabatda bo‘lish so‘ralmoqda.

O‘zbekiston TIV vatandoshlarga murojaat qilib, turli provokatsiyalar va haqoratli chaqiriqlarga berilmaslikni, vaziyatlarga hissiy emas, balki vazmin munosabatda bo‘lishni so‘radi.
Vazirlik so‘nggi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida, xususan, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchayib, qurolli mojarolarga aylanib ketgani, bu nafaqat mintaqada, balki butun dunyo hamjamiyatida jiddiy xavotir uyg‘otayotganini qayd etib, mojaroning kuchayishi butun mintaqa barqarorligi va tinchligiga tahdid solayotganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, bu jarayonlar, birinchi navbatda, oddiy fuqarolar – tinch aholi, ayniqsa, bolalar va ayollar uchun og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. O‘zbekiston urushga muammolarni hal qilish vositasi sifatida emas, balki inson hayoti, barqarorlik va taraqqiyotga jiddiy tahdid sifatida qaraydi. Vazirlikning ta’kidlashicha, urushda g‘oliblar bo‘lmaydi, eng katta yo‘qotishlarni esa har doim oddiy odamlar ko‘radi.
O‘zbekiston har doim tinchliksevar siyosat olib boradi, shu munosabat bilan mamlakat fuqarolari tinchliksevar, bag‘rikeng va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini saqlab qolishga, diniy, irqiy yoki boshqa shaxsiy mansubligiga asoslangan nizolarga munosabat bildirmaslikka, nafrat va nizolarning har qanday targ‘ibotiga qarshi turishga chaqirildi.
Shuningdek, vazirlik o‘zbekistonliklarni turli provokatsiyalar va haqoratli chaqiriqlarga berilmaslikka, vaziyatlarga vazmin munosabatda bo‘lishga chaqirib, jamiyatda milliy va diniy totuvlikni saqlash umumiy barqarorlik va xavfsizlikning muhim garovi ekanini eslatib o‘tgan. O‘zbekiston TIV barcha mojarolarni xalqaro huquq va diplomatik muloqot asosida tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston TIV Yaqin Sharqdagi harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Eron va Isroildagi vatandoshlarga bir necha maslahatlar bergandi. Xususan, o‘zbekistonliklarga xavfsiz joylarda qolish, rasmiy ma’lumotlarni doimiy kuzatib borish va elchixonalar bilan aloqada bo‘lish tavsiya etildi.
Izohlar