O‘zbekistonliklar bolalar orasida Koksaki virusining ommaviy tarqalishidan xavotirga tushdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda ushbu virus bilan kasallanish holatlari aniqlanmaganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston bolalari orasida Koksaki virusi keng tarqalayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga izoh berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov tushuntirish berdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, virus o‘z nomini birinchi marta aniqlangan AQShning Koksaki shahridan olgan va enteroviruslar oilasiga mansub bo‘lib, 70 dan ortiq turni o‘z ichiga oladi. Bunda ko‘pincha A va B turlari uchraydi.
Shuningdek, u virus asosan 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchrashi, kattalarda esa juda kam uchrashini ta’kidladi. Bolalarda haroratning keskin ko‘tarilishi (39-40 °C gacha), bosh og‘rig‘i, uyqusizlik, holsizlik kuzatiladi. 2-4 kundan keyin harorat pasayadi. Shuningdek, shamollashga xos simptomlar, ichak buzilishlari, ko‘ngil aynishi, qusish qayd etildi.
Bemorlarda kaft, tovon va og‘iz shilliq qavatida toshmalar toshishi, shuningdek, og‘izdagi yaralar bilan bog‘liq tomoq og‘rig‘i, ishtahaning pasayishi kuzatilishi mumkin. Ba’zan limfa tugunlari kattalashib, bosh og‘riydi. Qayd etilishicha, infeksiya ko‘pincha yozda, bolalar jamoat basseynlaridan foydalanganda va bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lganda yuqadi. Kasallikning inkubatsion davri 2-10 kun, ayrim hollarda 2-5 kun davom etadi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, butun dunyo bo‘ylab aniqlangan holatlarga qaramay, bugungi kunga qadar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi va O‘zbekiston Virusologiya instituti laboratoriyalarida ushbu virus aniqlanmagan. Shu munosabat bilan uning mamlakatda keng tarqalganligi to‘g‘risidagi da’vo asosga ega emas.
Shuningdek, virus jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi va aksariyat hollarda asoratsiz o‘tishi qayd etilgan. Biroq mutaxassislar bolani virusga qarshi yoki antibakterial dorilar bilan mustaqil davolashni qat’iyan tavsiya etmaydi, chunki ular Koksaki virusiga qarshi samara bermaydi. Simptomlar paydo bo‘lganda va ayniqsa kasallik og‘ir kechganda, aholiga tibbiy yordamga murojaat qilish va shifokorlar tavsiyalariga amal qilish tavsiya etildi.
Avvalroq o‘zbekistonliklarni Xitoydan kelgan «dahshatli» virus yana qo‘rqitgani xabar qilingandi. SES ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolmoqda.
Izohlar