O‘zbekistonlik merganlar Janubiy Koreyadagi musobaqada g‘olib bo‘ldi
Topshiriqlar kunduzi ham, kechasi ham shahar, tog‘ va o‘rmon sharoitida bajarilgan.

Janubiy Koreyada o‘tkazilgan snayperlar xalqaro musobaqasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari yana birinchi o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Musobaqa 8-15-sentyabr kunlari Kvanju shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 10 ta davlatdan 54 ta jamoa ishtirok etdi. Turnir uzoq masofadan o‘q otish va noqulay pana joylardan o‘t ochishdan tortib, azimut bo‘ylab yashirin harakatlanish va taktik tibbiyotni qo‘llashgacha bo‘lgan keng ko‘lamli maxsus taktik mashqlarni o‘z ichiga oldi.
Topshiriqlar kunduzi ham, kechasi ham shahar, tog‘ va o‘rmon sharoitida bajarilgan. Turnir yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi 539,5 ball to‘plab, xorijiy davlatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Vetnamga (534,7 ball), uchinchi o‘rin AQSH (519 ball) ga nasib etdi.
Turnirda uzoq masofalarga burchak ostida o‘q otish, nostandart vaziyatlarda o‘t ochish, kuchli jismoniy va ruhiy zo‘riqish sharoitida ishlash, to‘pponcha va avtomatlardan tezkor o‘q otish, harakatlanuvchi texnika va uchish apparatlaridan o‘q otishga alohida e’tibor qaratildi. Bir yil avval ushbu musobaqada o‘zbekistonlik merganlar ham ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. G‘oliblar Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada o‘zbekistonlik merganlar birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Ishtirokchilar o‘sib boruvchi murakkablikdagi 15 ta shart bo‘yicha bellashgan.
Izohlar