
Oʻzbekistonga Tramp bojlari qoʻl kelishi mumkin
Prezidentning JST boʻyicha maxsus vakili “tashkilotning halokati” haqidagi fikrlarni notoʻgʻri deb atadi.

Oʻzbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari boʻyicha maxsus vakili Azizbek Urunov AQSH tomonidan dunyoning deyarli barcha mamlakatlariga nisbatan keng koʻlamli bojlar joriy etilishiga izoh berdi.
2-aprel kuni prezident Donald Tramp oʻzining “Amerika — birinchi navbatda” tamoyiliga asoslangan yangi tashqi savdo konsepsiyasini amalga oshirayotganini eʼlon qildi va 160 ga yaqin davlat, jumladan, Oʻzbekiston tovarlariga import bojlarini joriy etdi.
Import bojlari uch toifaga boʻlingan:
- AQSH savdo balansida profitsitga ega mamlakatlardan (100 dan ortiq, shu jumladan, Oʻzbekiston ham) importga qoʻshimcha 10% import boji oʻrnatilgan.
- AQSH tashqi savdo balansida yirik defitsit mavjud mamlakatlar (57 ta mamlakat) bilan turli oshirilgan stavkalarda (10%dan balandroq) bojlar oʻrnatilgan.
- AQSH iqtisodiyotida muhim deb topilgan mahsulotlar (avtomobil, uning ehtiyot qismlari, poʻlat va alyumin) importi uchun alohida oshirilgan bojlar.
Uning soʻzlariga koʻra, JST doirasida ruxsat etilgan darajadan yuqori bojlarni bir tomonlama joriy etish koʻp tomonlama qoidalarni qoʻpol ravishda buzish hisoblanadi.
“Shu bilan birga, AQSH ushbu bojlarni JSTning ayrim aʼzolari — yirik eksportyor mamlakatlarga javob chorasi sifatida kiritganini taʼkidlaydi (AQSHning fikricha, koʻpgina mamlakatlar JST qoidasiga zid ravishda turli xil notarif va subsidiya choralari orqali adolatli savdo tizimini inqirozga olib kelgan, JST doirasida islohotlar va oldinga ildamlash kun tartibida umuman kelishuv mavjud emas)”, — deb yozdi u.
Azizbek Urunov blogerlar tomonidan aytilayotgan “JST halok boʻldi” va “Oʻzbekiston uchun eksport imkoniyatlari yopiq” degan fikrga qoʻshilmaydi.
Uning eslatishicha, hozirda Oʻzbekiston eksportining 1 foizdan kamrogʻi AQSHga toʻgʻri keladi.
“Mis eksporti misolida koʻrsak ham, ushbu xomashyo asosan Yevroosiyo hududidagi mamlakatlarga (Turkiya, Xitoy va hakozo) yoʻnaltiriladi. Agar misni qazib olish sezilarli oshgan taqdirda ham, bugungi kunda 1$ eksport mavjud boʻlmagan BAAning ikkita yirik ishlab chiqaruvchisi ehtiyojining oʻzi 300 ming tonnadan oshadi. Bizning manfaatimiz misni xomashyo sifatida sotish emas, balki mamlakat ichkarisida qoʻshilgan qiymat yaratish (shu sababdan joriy yilning 14-mart kuni davlat rahbari farmoni bilan mis eksportiga 10% boj kiritildi),” — dedi u.
Uning fikricha, AQSHning yangi bojlari tarkibida Oʻzbekiston qiyosiy ustunliklarga ega boʻlgan tarmoqlarni — birinchi navbatda, toʻqimachilik va tikuvchilik sanoatini rivojlantirish imkoniyatlarini koʻrish mumkin.
“Asosiy global ishlab chiqaruvchilarga Oʻzbekistonga nisbatan sezilarli hisobda balandroq bojlar kiritilmoqda, jumladan Hitoyga — 34%, Vetnam — 46%, Tailand — 36%, Hindiston — 26%, Bangladesh — 37%, Pokiston — 29%. Bu, oʻz navbatida, yangi investitsiya va eksport kengayishi uchun yaxshi imkoniyat”, — deb hisoblaydi JST boʻyicha maxsus vakil.
AQSH jahon savdosida sezilarli rol oʻynashiga qaramay (8,5%), jahon bozorining qolgan 90 foizi JST meʼyorlariga sodiq qolmoqda.
“AQSH yondashuvi ham JSTni inqirozga olib kelish emas, balki oʻz taʼsir doirasi orqali isloh qilishga undash. Yuqoridagilardan hulosa — har bir muammo yangi imkoniyat yaratadi, shundan oqilona foydalanish asosiy vazifa!” — dedi u.
Soʻnggi yangiliklar







