O‘zbekistonga tashrif, hamkorlik, JCH-2026: Mirziyoyev Tramp bilan qo‘ng‘iroqlashdi — asosiylar
O‘zbekiston prezidenti AQSH rahbarini Qo‘shma Shtatlar ma’muriyatining ichki va tashqi siyosatida erishgan ulkan natijalari bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev 5-sentyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Yetakchilar O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlarini batafsil ko‘rib chiqdi.
Suhbat avvalida AQSH prezidenti so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni yuksak baholadi va qo‘llab-quvvatladi.
Davlat rahbari, o‘z navbatida, prezident Donald Trampni AQSH ma’muriyati olib borayotgan ichki va tashqi siyosatning ulkan natijalari bilan samimiy tabrikladi. Amerika tomonining xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Ustuvor tarmoqlarda biznes kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va savdo bitimlari hajmini tubdan oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu oyda AQShning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va barqaror sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik qilinmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Toshkentda AQSHning yetakchi oliy ta’lim muassasalari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Kelgusi yili AQShda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor ishtirok etishi mamnuniyat bilan qayd etildi. Donald Tramp O‘zbekiston futbol terma jamoasiga chin dildan omad tiladi.
Telefon muloqoti chog‘ida davlat rahbarlari dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish yuzasidan ham fikr almashdi.
Shavkat Mirziyoyev prezident Donald Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi. Amaliy hamkorlik bo‘yicha loyiha va dasturlarni ilgari surish maqsadida oliy darajadagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH prezidenti Donald Trampning telefon orqali muloqoti ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning telefon orqali muloqotiga izoh berdi:
Amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va oliy darajadagi aloqalarni davom ettirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi. Amerikalik hamkasbim Marko Rubio janoblari bilan birgalikda ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida erishilgan barcha kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlaymiz.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan Alyaskada Donald Tramp bilan muzokaralarni muhokama qilgandi. O‘zbekiston prezidenti erishilgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlagan.
Izohlar