O‘zbekistondagi neandertallar dunyoda birinchi bo‘lib kamon va o‘qni kashf etgan bo‘lishi mumkin
Toshkent viloyatidagi g‘orlardan biridagi arxeologik topilma tosh davri innovatsiyalari tarixini o‘zgartirishi mumkin.

O‘rta paleolit davrining Markaziy Osiyodagi asosiy yodgorligi bo‘lgan Toshkent viloyatidagi Obi-Rahmat g‘oridan toshdan yasalgan kamon o‘qlarining qoldiqlari topildi, bu kamonning paydo bo‘lish tarixini o‘zgartirishi mumkin, deb xabar beradi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi.
Dastlabki odamlarning ov qilish joylarida qazishma ishlari birinchi yil emas. Ilgari topilgan tosh buyumlar 2024-yilda mahalliy mutaxassislar tomonidan Rossiya va Fransiya vakillari bilan birgalikda qayta tahlil qilindi.
“Obirahmat toshlaridan topilgan buyumlar orasida o‘q uchini eslatuvchi uchburchak shaklidagi mayda tosh buyumlar ham topilgan. Bu tosh buyumlarni dunyoning boshqa joylaridan topilgan tosh buyumlar bilan taqqoslab ko‘rilganda, ular haqiqatan ham kamondan otilgan o‘q uchlari ekanligi ma’lum bo‘ldi. Eng muhimi shundaki, boshqa joylardan topilgan eng qadimgi bunday buyumlar Obirahmatdan topilgan buyumlardan 25 ming yil keyin yasalgan. Shunday qilib, bugungi kunda dunyo olimlari insoniyat tarixidagi birinchi kamon va o‘qlar bundan 80 ming yil oldin yaratilgani va tayyorlanganini hamda bizning davrimizda arxeologlar tomonidan O‘zbekiston hududidan topilganini tasdiqlamoqda va e’tirof etmoqda”, deyiladi xabarda.
Ushbu tadqiqot natijalari PLOS One jurnalida e’lon qilindi, olimlar tosh uchburchaklar yuzasidagi eskirish izlari, ularning shakli va boshqa xususiyatlariga asoslanib, bu taxminan 80 ming yillik o‘q uchlaridan boshqa narsa emas degan xulosaga kelishdi.
Shu paytgacha kamon va o‘qlar Yevrosiyoda faqat so‘nggi tosh asrida (40-12 ming yil oldin) paydo bo‘lgan, Afrikada esa zamonaviy odam o‘rta paleolit davridayoq (70-80 ming yil oldin) ov qilgan va bunday topilmalar faqat Afrikaning qadimgi xalqlariga xos deb hisoblangan. Biroq, O‘zbekistonning shimoli-sharqidagi Tyan-Shanning g‘arbiy etaklarida joylashgan Obirahmat makoni topilmalarining yangi tahlili bu fikrlarni o‘zgartiradi.
Izohlar