
Oʻzbekistondagi eng korrupsiyalashgan toʻqqizta davlat organi nomlandi — reyting
Idoralarning yarmidan kamrogʻi yaxshi natija koʻrsatdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlarining 2024-yildagi antikorrupsion ishlari samaradorligini baholadi.
Agentlikning IIVga tayanib maʼlum qilishicha, 2024-yilda oldingi yilga nisbatan Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida korrupsiyaviy jinoyatlar soni 71 foizga, Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida 48 foizga, hokimliklarda 43 foizga, Adliya vazirligi tizimida 22 foizga kamaygan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 103 ta davlat tashkilotining 2024-yildagi faoliyati 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholashdan oʻtkazildi. Shundan 14 ta davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 89 tasi esa takroran baholandi. Bu haqda 8-aprel kuni AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Agentlik axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov maʼlum qildi.
Natijalarga koʻra, 41 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 53 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 9 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifaga ajratildi.
Tahlillar koʻrsatishicha, bu yil reyting natijalari oʻrtacha 73,8 ballni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 4,9 ballga (95 ta davlat tashkilotlari tomonidan oʻrtacha 68,9 ballni tashkil etgan), 2022-yilga nisbatan esa 14,3 ballga (62 ta davlat tashkilotlari tomonidan 59,5 ball) yaxshilangan.
IIV maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yilga nisbatan Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida korrupsiyaviy jinoyatlar soni 71,4 %ga, Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida 47,8 %ga, hokimliklarda 43,2 %ga, tijorat banklarida 31,9 %ga, Adliya vazirligi tizimida 21,9 %ga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida 8,3 %ga kamaygan.
2023-yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” deb topilgan 13 ta davlat tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan agentlik bilan hamkorlikda amalga oshirilgan manzilli chora-tadbirlar natijasida ularning faoliyatida ham ijobiy oʻsish kuzatildi.
Shuningdek, vazirlik va idoralardan 112 tasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilma rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 5 tasida topshiriq ijrosini taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari lavozimlarini 20-aprelga qadar ochiq tanlov asosida toʻldirish yuzasidan vazirlik va idoralarga agentlikning topshiriq xati yuborilgan.
Soʻnggi yangiliklar







