O‘zbekiston

O‘zbekistondagi davlat maktablarida pulli sinflar mavjudmi? MMTV javobi

Ta’lim muassasasi qo‘shimcha darslarni alohida to‘lov evaziga berishi mumkin, biroq bunga majburlash huquqiga ega emas, deya izoh berdi vazirlik.

O‘zbekistondagi davlat maktablarida pulli sinflar mavjudmi? MMTV javobi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Toshkent shahridagi maktabda pullik sinflar ochilgani haqidagi ota-onalarning e’tiroziga munosabat bildirdi.

O‘zbekistonda Konstitutsiyaning 50-moddasiga muvofiq davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim olishni kafolatlaydi. Maktablarda barcha darslar tasdiqlangan o‘quv rejasiga muvofiq bepul o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda davlat ta’lim rejasi va standartidan tashqari ko‘rsatiladigan qo‘shimcha ta’lim xizmatlari “pulli sinflar” sifatida noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

“Ushbu mezon hukumatning 2019-yil 22-apreldagi 343-son qarori bilan tasdiqlangan tegishli nizomda alohida qayd etilgan. Maktablarda tashkil etiladigan qo‘shimcha ta’lim xizmatlari maktablarning o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta’lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha maktab direktori va o‘quvchilarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida ixtiyoriylik asosida tuziladigan shartnoma asosida ko‘rsatiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Xuddi shu nizomda aytilishicha, qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatishdan tushgan mablag‘larning kamida 50 foizi pedagoglar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladi, qolgan mablag‘lar maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va xodimlarni rag‘batlantirish uchun ishlatilishi mumkin.

Hujjatda davlat o‘quv rejasiga kiritilgan darslarda majburiy qatnashish va pullik darslar uchun haq undirish qat’iyan taqiqlanadi.

2025–2026-o‘quv yilida 738 ming nafar birinchi sinf o‘quvchilarini qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, har bir bola barcha majburiy fanlar bo‘yicha kafolatlangan bepul ta’lim oladi.

Shu bilan birga, ota-onalar belgilangan talablarni buzish holatlariga duch kelgan taqdirda, boshqarmaning (71) 202-09-09 ishonch raqamiga murojaat qilishlari so‘raldi. Barcha murojaatlar tezkorlik bilan ko‘rib chiqiladi.

Avvalroq Toshkentdagi maktabda birinchi sinflardan birini pulli qilishga qaror qilingani haqida xabar berilgandi. Oyiga bir necha million so‘m evaziga o‘quvchilarni uch mahal ovqatlanish, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va kechgacha to‘garaklar kutmoqda.

 

Izohlar

Mavzuga oid