8 Oktabr 2024, 12:30 Oʻzbekiston

O‘zbekistondagi bog‘chalarda fransuz tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistondagi 12 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul tarzda fransuz tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekistondagi bog‘chalarda fransuz tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Fransiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammiti doirasida Kokoro lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasslet bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda tomonlar respublikadagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 5−6 yoshli bolalar uchun innovatsion Kokoro lingua platformasi yordamida bolalarga fransuz tilini o‘rgatish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida kelgusi bir yil davomida 12 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul tarzda fransuz tilini o‘qitish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Ma’lumot uchun, Kokoro lingua 4−8 yoshdagi bolalarga chet tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan xalqaro onlayn ta’lim platformasi bo‘lib, bolalarni tabiiy va qiziqarli usullar bilan chet tillariga o‘rgatadi. Darslar, asosan, video orqali o‘tkaziladi va bu jarayon bolalar o‘ynab-o‘rganish formatida tashkil etiladi. Undan 2018-yildan beri dunyo bo‘ylab 250 mingdan ortiq kishi foydalangan.

Uchrashuvlar davomida vazir Hilola Umarova France Education International (til bo‘yicha sertifikatlash va testlar tuzish bo‘yicha) tashkiloti bosh direktori Olive Brandui bilan ham uchrashdi.

Unda fransuz tomoni bilan O‘zbekistondagi fransuz tili o‘qituvchilarini malakasini oshirish va trener o‘qituvchilarini tayyorlash, o‘qituvchilar almashuv dasturini joriy qilish hamda O‘zbekistonda fransuz tili testlarini (DELF junior, DALF) joriy qilish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mashhur yangiliklar