
Oʻzbekistonda ziyoratchilarni arzon turlar vaʼda qilib, oʻnlab mlrd soʻmga chuv tushirishdi
Firibgarlarning harakatlaridan minglab odamlar jabr koʻrdi.

Oʻzbekistonda arzon narxlarda ziyorat uyushtirishni vaʼda qilgan firibgarlarning harakatlaridan 2 558 kishi jabr koʻrdi, deb xabar bermoqda Raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi matbuot xizmati.
Maʼlumotlarga koʻra, mutaxassislar litsenziyaga ega boʻlmagan turoperatorlar onlayn eʼlonlarida arzon narxlarni vaʼda qilib, fuqarolarga ziyorat uyushtirishni taklif qilgan holatlarni qayd etgan. Qayd etilishicha, Panorana Airways va Gulbakhor Airways kompaniyalari harakatlaridan eng koʻp odamlar jabr koʻrgan. Jabrlanganlar soni 2 558 kishini tashkil etib, umumiy zarar 25 mlrd soʻmga yetgan.
Surxondaryoda Jarqoʻrgʻon tumanida mahalliy fuqarodan 14,4 mln soʻmni firibgarlik yoʻli bilan olgan Bilolbek Travel turoperatorining xatti-harakatlari qayd etildi. Boysun tumanida yana bir xodim fuqaroni 2200 dollarga chuv tushirgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan turfirmalar va operatorlarga nisbatan tegishli choralar koʻrildi. Chunki koʻpincha firibgarlik harakatlari tufayli xorijdagi fuqarolar qiyin ahvolga tushib qolishgan.
Vazirlik fuqarolarni hushyor boʻlishga va faqat xavfsiz va kafolatlangan xizmatlarni koʻrsatuvchi tasdiqlangan va litsenziyaga ega operatorlarga murojaat qilishga chaqirdi. Shubhali reklama aniqlangan taqdirda, aholiga Qoʻmitaning 1159 ishonch telefoniga murojaat qilish tavsiya etildi.
Soʻnggi yangiliklar







